Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumida kasbiy mahorat bellashuvi o‘tkazildi.
Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumida kasbiy ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga tatbiq etish maqsadida kasbiy mahorat bellashuvi tashkil etildi. Ushbu tanlov elektromontaj, santexnika va elektrogazpayvandchi yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘lib o‘tib, unda hududdagi 5 ta kasbiy ta’lim muassasasi vakillari o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Musobaqada Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumi, Mirzaobod tuman politexnikumi, Xovos tuman politexnikumi, Sardoba tuman politexnikumi hamda Guliston shahar ishga marxamat monomarkazlari ishtirok etdi. Tanlov davomida ishtirokchilar o‘z kasbiy mahoratlarini sinovdan o‘tkazib, real ish sharoitlariga yaqinlashtirilgan topshiriqlarni bajardilar.
Baholash jarayonida ishtirokchilarning aniq va sifatli ishlashi, xavfsizlik qoidalariga rioya qilishi, innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari inobatga olindi.
Elektrogazpayvandchi yo‘nalishi bo‘yicha:
- 1-o‘rin – Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumi
- 2-o‘rin – Sardoba tuman politexnikumi
- 3-o‘rin – Xovos tuman 2-son politexnikumi
Santexnika yo‘nalishi bo‘yicha:
- 1-o‘rin – Monomarkaz
- 2-o‘rin – Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumi
- 3-o‘rin – Mirzaobod tuman politexnikumi
Elektromontaj yo‘nalishi bo‘yicha:
- 1-o‘rin – Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumi
- 2-o‘rin – Monomarkaz
- 3-o‘rin – Xovos tuman 2-son politexnikumi
Tanlov yakuniga ko‘ra, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etgan ishtirokchilar g‘olib deb topildi. Ular maxsus esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlanib, kasbiy rivojlanish uchun qo‘shimcha rag‘batlantirildi.
Tadbirning ahamiyati
Ushbu bellashuv kasbiy ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga, zamonaviy ish bozorida talabgir mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi. Shuningdek, u kasbiy ta’limda raqobatbardoshlik va innovatsion yondashuvlarni rivojlantirishga turtki beradi.





















